Yangi o'zbek alifbosi: nima o'zgardi?
Yangilangan: 2026-yil 2-noyabr
Qisqasi: alifboda to'rtta harf o'zgaradi: o' → ö, g' → ğ, sh → ş, ch → ç. Alifboda 28 harf va bitta tutuq belgisi bo'ladi. Qonun 2027-yil 22-aprelda kuchga kiradi. Eski hujjatlarni almashtirish talab qilinmaydi.
Qaysi harflar o'zgaradi?
| Hozirgi yozuv | Yangi harf | Hozir | Yangi alifboda |
|---|---|---|---|
| O' o' | Ö ö | o'zbek | özbek |
| G' g' | Ğ ğ | bog' | boğ |
| Sh sh | Ş ş | shahar | şahar |
| Ch ch | Ç ç | choy | çoy |
Shuningdek, ng birikmasi alifboda alohida harf sifatida turmaydi. Tutuq belgisi (masalan, ma'no, san'at so'zlaridagi) saqlanib qoladi.
Alifboda nechta harf bor?
Yangi alifboda 28 ta harf va bitta tutuq belgisi bor. Hozirgi alifboda esa 26 ta harf va uchta harf birikmasi (sh, ch, ng) bor edi.
Qonun qachon qabul qilindi va qachon kuchga kiradi?
| Sana | Voqea |
|---|---|
| 2026-yil 7-iyul | Qonunchilik palatasi qabul qildi |
| 2026-yil 10-sentabr | Senat ma'qulladi |
| 2026-yil 21-oktabr | Prezident imzoladi (O'RQ-1184) |
| 2027-yil 22-aprel | Qonun kuchga kiradi |
Qonun rasmiy e'lon qilinganidan olti oy o'tib kuchga kiradi. Shu sanagacha hozirgi alifbo amalda bo'ladi.
Hujjatlarni almashtirish kerakmi?
Yo'q. Hozirgi alifboda berilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog'ozlar kuchini yo'qotmaydi. Qonunda ularni bir vaqtda almashtirish talabi yo'q.
Davlat ramzlari, lavhalar va yo'l ko'rsatkichlari yaroqsiz holga kelguncha yoki belgilangan muddatgacha ishlatilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasi ikki oy ichida ijro dasturini tasdiqlashi kerak, aniq muddatlar shu dasturda belgilanadi.
Maktab va imtihonlarda nima o'zgaradi?
- Darsliklar: birinchi sinf darsliklarini 2027-yildan yangi alifboda chop etish rejalashtirilgan. Qolgan sinflar darsliklari odatdagi yangilanish tartibida almashadi.
- Imtihonlar: 2026-yil oktabrdagi milliy sertifikat imtihonlari hozirgi alifboda o'tdi. Keyingi imtihonlar bo'yicha rasmiy e'lonlarni kuzatib boring.
Yangi alifboni kompyuter va noutbukda qanday yozish mumkin?
Oddiy kompyuter yoki noutbuk klaviaturasida ö, ğ, ş, ç tugmalari yo'q. Windows uchun bir nechta oson yo'l bor, ularni alohida qo'llanmada ko'rsatdik. Tayyor matn yoki Word hujjatni esa bir bosishda o'girish mumkin.
Manbalar
- gov.uz: Senat qonunni ma'qulladi
- infoedu.uz: qonun kuchga kirish sanasi
- infoedu.uz: qonun imzolandi
- dunyo.info: alifbodagi o'zgarishlar
Bu sahifa ma'lumot uchun, rasmiy huquqiy matn o'rnini bosmaydi. Qonunning to'liq matnini lex.uz saytidan tekshiring.
Yangi Alif